O'zbekistonda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va uning bandligini oshirish loyihasi

Bugun O'zbekiston ITSVda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Mazkur yig'ilish doirasida FURSAT davlat media-loyihasi taqdim etildi.

Taqdimotda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o'rinbosari A.Voitov va Yoshlar bilan ishlash agentligi direktori A.Sa'dullaev qatnashdilar.

Taqdimotda ta'kidlanishicha, FURSAT loyihasining vazifasi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va uning bandligini oshirishga qaratilgan yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini (YOSTZ)ni yaratish va faoliyatini tashkil etish tashabbusini ilgari surishdir.

Prezident farmoniga binoan mamlakat bo'ylab 219 ta YOSTZ tashkil etiladi, ulardan 185 tasi hozirgi kunda faoliyat ko'rsatmoqda va hududlarida dastlabki loyihalar amalga oshirilishi boshlangan.

Barcha YOSTZlar zarur infratuzilma bilan ta'minlanadi va ularda yosh tadbirkorlarning innovatsion g'oyalari asosida o'z loyihalarini amalga oshirishlari hamda ishlab chiqarish ob'yektlarini qurishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi.