O’zbekistondagi startap Islandiya AppStore TOP-10 taligi reytingida

2021-yilning 6-dekabr holatiga ko’ra NazzAR platformasida yaratilgan "UnoAR" ilovasi Islandiyada yuklab olingan AppStore ilovalarining eng mashhur 10 talik reytingida 2-o’rinni egalladi.

Hozirgi kunda O’zbekistonda yosh startap loyihalarni qo’llab-quvvatlash maqsadida axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalarga katta imtiyozlar berilmoqda. Jumladan, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilgari surib kelinayotgan startap loyihalardan biri NazzAR mobil ilovasini yaratgan SmartChain IT kompaniyasidir. Ushbu kompaniya 2018-yildan buyon innovatsion texnologiyalar sohasida faoliyat olib bormoqda.

NazzARda ilovaga yo’naltirilgan real obyektlarning 3D shakllari, video roliklari va foto suratlari jonlanadi. Bugungi kunda yurtimizda ushbu ilova turizm sohasida keng qo’llanilib muzey va tarixiy obidalar eksponatlari haqidagi ma’lumotlarni sayyohlarga yanada qiziqarli tarzda yetkazish imkonini bermoqda.

Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi veb-sayti orqali vazirlik binosiga virtual sayohat, "InnoWeek-2021" Xalqro innovatsion g’oyalar haftaligi doirasidagi ko’rgazmaning virtual talqini ham aynan mazkur startap kompaniyasi faoliyati samarasidir.

Ta’kidlash joizki, SmartChain IT platformasi shu (2021) yilda Islandiya kompaniyasi bilan hamkorlik munosabatlarini yo’lga qo’ydi.

“Jamoamiz tomonidan xorijlik hamkorimiz uchun yangi, noyob mahsulot yaratildi va u "UnoAR" deb nomlandi. Mazkur to’ldirilgan reallik asosida ishlaydigan texnologiya "SmartChain"ning eng yaxshi texnologik yechimlari va ishlanmalarini o’zida mujassam etgan. Birinchi xorijiy mijozimiz elektronika sohasidagi yirik chakana sotuvchilardan biridir,” – deydi SmartChain IT kompaniyasi rahbari Bobur Rahimov.