O'zbekistonning davlat boshqaruvi sifati bo'yicha reytingdagi o'rni sezilarli darajada ko'tarildi

Boshqaruv sifati indikatorlarining (Worldwide Governance Indicators) 2021-yil yakunlari bo‘yicha natijalar e’lon qilindi.

Boshqaruv sifati indikatorlari Jahon banki tomonidan 1996-yildan buyon har yili mamlakatlarda boshqaruv sifati darajalarini baholab keladi. Baholash “Siyosiy barqarorlik va zo‘ravonlik/terrorizimning mavjud emasligi”, “Hukumat samaradorligi”, “Aholi fikrini hisobga olish va hisobdorlik”, “Tartibga solish sifati”, “Huquq ustuvorligi” va “Korrupsiyani tiyib turish” yo‘nalishlarida amalga oshiriladi. O‘zbekistonning ushbu reytingda baholanishi xalqaro hamjamiyatdagi mamlakatimizning ijobiy imijini shakllantirishda muhim omil hisoblanadi.

Boshqaruv sifati indikatorlarini shakllantirishda umumiy hisobda 30 ta axborot manbalaridan foydalaniladi. O‘zbekistonning ko‘rsatgichlarini hisoblashda oldingi yildan farqli o‘laroq, 16 ta (“The Economist Intelligence Unit”, “Freedom House”, “Osiyo taraqqiyoti banki”, AQSH davlat departamenti, “Bertelsman fondi” va boshqa ko‘plab tashkilotlar)axborot manbasidan foydalanilgan.

Yangilangan reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning barcha 6 ta indikatorlaridagi natijalari sezilarli darajada o‘sgan.

Jumladan, “Hukumat samaradorligi” ko‘rsatgichida O‘zbekiston 208 ta mamlakat orasida116-o‘rinni egallab, avvalgi natijasini 22 pog‘onaga yaxshilagan.
“Siyosiy barqarorlik va zo‘ravonlik/terrorizimning mavjud emasligi” ko‘rsatgichida natija 19 pog‘ona o‘sib 130-o‘rinda qayd etgan.
“Tartibga solish sifati” yo‘nalishida respublikamizning o‘rni sezilarli darajada, 33 pog‘onaga ko’tarilib, . 144-o‘rinda qayd etilgan.
Mamlakatimizning “Korrupsiyani tiyib turish” indikatoridagi natijasi 15 pog‘onaga yaxshilanib 161-o‘rinda qayd etilgan.
“Huquq ustuvorligi” yo‘nalishida mamlakatimiz168-o‘rin (+13 pog‘ona), “Aholi fikrini hisobga olish va hisobdorlik” ko‘rsatgichi bo‘yicha 182-o‘rindan (+12 pog‘ona) joy olgan.