O'zbekistonning Vengriya bilan aloqalari strategik tus olmoqda

O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzoqov Vengriya Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo'yicha katta maslahatchisi Marton Nadem boshchiligidagi Vengriya hukumat delegatsiyasini qabul qildi.


Ikki davlat vakillari o'rtasida bo'lib o'tgan muloqotning asosiy mavzularidan biri Vengriya tajribasi asosida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalari bo'yicha ekspert va maslahat yordam dasturini amalga oshirishning amaliy jihatlarini muhokama qilish edi. Shuningdek, Vengriya Bosh vaziri V.Orbanning shu yil mart oyida O'zbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar ham muhokama qilindi.


Samarqand va Jizzax viloyatlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni rag'batlantirish dasturlarini birgalikda tayyorlash bo'yicha keyingi qadamlar belgilab olindi. Mahalliy ma'muriyat bilan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun amaliy hamkorlik qilish maqsadida Vengriya delegatsiyasi uchun ushbu mintaqalarga ish safarini tashkil etish to'g'risida kelishuvga erishildi.


Vengriya delegatsiyasining O'zbekistondagi tashrifi davomida Vengriyaning ilg'or tajribalariga asoslangan holda keyingi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bo'yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish uchun bir qator vazirliklar, idoralar va tijorat banklarida uchrashuvlar o'tkazish rejalashtirilgan.


Yakunlar bo’yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar va takliflarni amalda bajarish uchun "Yo'l xaritasi" ishlab chiqiladi.