O‘zbekiston – Singapur Prezidentlari ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdilar

Bugun, 17-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi doirasida oliy darajadagi tadbirlar – ushbu mamlakat Prezidenti Halima Yaqub va Bosh vaziri Li Syan Lun bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston-Singapur sammitidan avval Singapur Prezidentining “Istana” saroyida davlatimiz rahbarini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Saroy oldidagi maydonda oliy martabali mehmon sharafiga Faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ikki davlat madhiyalarini ijro etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sharafiga Singapurning milliy ramzi bo‘lgan orxideya gulining yangi naviga nom berish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bunday tadbirlar an’anaviy ravishda ushbu mamlakatning oliy martabali mehmonlari va taniqli arboblarga yuksak hurmat va ehtirom belgisi sifatida o‘tkaziladi.

An’anaga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev gulning yoniga yangi turdagi orxideyaning nomi - “Shavkat Mirziyoyev orxideyasi” deb yozilgan taxtachani joylashtirdi. Shundan so‘ng Prezidentlar ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdilar.

O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirish istiqbollari, ijtimoiy-siyosiy hayotni demokratlashtirish borasidagi islohotlar yuzasidan fikr almashildi.

Ta’lim sohasida faol hamkorlik qilinayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Toshkentda Singapur menedjmentni rivojlantirish instituti hamda Singapur texnologiyalar, menedjment va kommunikatsiyalar akademiyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Ikki mamlakatning Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va integratsiyani kengaytirish borasidagi tajribasi batafsil ko‘rib chiqildi. Uchrashuv yakunida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi. Shavkat Mirziyoyev Halima Yaqubni o‘ziga qulay bo‘lgan vaqtda mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.