Oʻzgidromet antisiklon qachon chekinishini maʼlum qildi

Bugun va ertaga O‘zbekiston hududining katta qismida quruq, lekin salqin ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida va Surxondaryo viloyatining ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Ayrim joylarda do‘l yog‘ishi ehtimoli bor.

Cho‘l hududlarda va Farg‘ona vodiysida shamolning tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi, ba’zi joylarda chang to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda. Kunduzgi harorat 12-15 daraja, respublika shimolida 7-12 daraja iliq atrofida bo‘ladi. Kechasi harorat 2-7 daraja iliqqacha, shimolda ba’zi joylarda -3 daraja sovuqqacha pasayadi.

19-apreldan boshlab antisiklon respublika hududidan chekina boshlaydi va ish haftasining oxirigacha O‘zbekiston bo‘yicha quruq ob-havo kuzatiladi. Havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va 21-aprelga kelib kechasi 4-9 daraja iliqni, kunduzi 20-25 darajani tashkil etadi.

Bugun sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

19-apreldan ish haftasining oxirigacha kechalari harorat 4-7 daraja iliq atrofida bo‘ladi, kunduzi asta-sekin ko‘tariladi va juma kuniga kelib harorat 20-23 darajagacha yetadi.