Oziq-ovqat sanoati rivoji

Xabaringiz bor, poytaxtimizdagi «Hyatt Regency» mehmonxonasida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) qishloq xo‘jaligi vazirlarining birinchi uchrashuvi va Turkiy agroforum bo‘lib o'tmoqda. Tadbirda O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati uyushmasi raisi Bahodir Umirshayxov chiqish qilib, sohani rivojlantirishga qaratilgan fik-mulohaza hamda takliflarni bildirib o‘tdi.

"-  Biz Oziq-ovqat sanoati uyushmasi sifatida turkiy davlatlarning tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorlik sanoatimizni izchil rivojlantirishda naqadar muhim o‘rin tutishini o‘z tajribamizdan juda yaxshi bilamiz.
Tarixan, davlatlarimiz tadbirkorlari o‘rtasida yaqin savdo aloqalari rivojlanib, texnologiyalar, malaka va sohadagi tajribalar o‘zaro almashilib kelinmoqda. Shu nuqtai nazardan olib qaraydigan bo‘lsak, Turkiy davlatlar tashkilotining faoliyati o‘zaro mavjud hamkorlik va hamjihatlik aloqalarini yanada rivojlantirishga turtki beradi.

Fursatdan foydalanib, ayni damda turkiy davlatlar tadbirkorlari o‘rtasidagi savdo aloqalari va eksport-import operatsiyalarini rivojlantirishga samarali xizmat qilishi mumkin bo‘lgan bir nechta takliflarni bildirmoqchiman:

Birinchi taklif. Bu Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining birjalararo savdosini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqishdir. Ayni paytda mamlakatimiz bilan Qozog‘iston, Belorussiya, Rossiya davlatlari o‘rtasida bu kabi tadbirlarning ijobiy tajribasi mavjud. Xususan, savdo geografiyasini kengaytirish amaliyoti tovarlarni ayirboshlash, to‘lovlarni tartibga solish va barqarorlashtirish imkonini beradi.

Ikkinchi taklif. O‘zbekistonning eksport imkoniyatlarini yaxshilash maqsadida tegishli davlat organlari ko‘magida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini unifikatsiya qilish, ularning biologik, texnik me’yorlar va muayyan hudud talablariga muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha tajriba almashish loyihasini amalga oshirish. Loyiha dehqon xo‘jaligi, tomorqa egasi va boshqalar o‘rtasida doimiy axborot almashinuvini ta’minlash maqsadida axborot texnologiyalarini joriy etish orqali yo‘lga qo‘yilishi lozim.

Shu bilan birga, «yashil logistika» tizimini ham amaliyotga tatbiq etish zarur. Mazkur loyiha bir qator xorijiy mamlakatlarda muvaffaqiyatli amalga oshirilib, jahon bozoriga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini keskin oshirishga xizmat qilmoqda." - dedi Bahodir Umirshayxov.