Oʻzbekiston-Qirgʻiziston: yoʻlovchi avtobuslar harakatini qayta tiklash masalalari muhokama qilindi

18-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Baxit Toroboyev o‘rtasida videokonferensiya tarzida uchrashuv o’tkazildi.
Kengaytirilgan tartibda o‘tkazilgan ushbu muloqotda ikki davlatning vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari va diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishning tashkiliy jihatlari yuzasidan fikr almashildi.
Qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilinib, tomonlar birgalikda oziq-ovqat va urugʻlik kartoshka yetishtirishni tashkil etish, chorvachilik komplekslarini yaratish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, issiqxonalar uchun uskunalar va jun mahsulotlari ishlab chiqarish uchun xomashyo yetkazib berish boʻyicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar.
Transport va logistika sohasidagi hamkorlikda yoʻlovchi avtobuslari va temir yoʻl tashishlarini qayta tiklash, ikki davlat oʻrtasidagi aviaqatnovlar sonini koʻpaytirish, shuningdek, “Irkeshtam - Daroot - Qoʻrgʻon - Uch-Qoʻrgʻon” avtomobil yoʻlini qurish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar ushbu yo‘nalishda barcha zarur choralarni ko‘rishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuvda alohida tartibda Bishkek shahrida Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Qirg‘iziston Hukumatlararo qo‘shma komissiyasining 10-yigʻilishi va biznes-forumni ikki mamlakat mintaqalari rahbarlari ishtirokida yuqori tashkiliy darajada va mazmun jihatidan boyitilgan tarzda o‘tkazish masalalarini ko‘rib chiqdildi.






