Oʻzbekiston-Yevropa hamkorligining dolzarb masalalari

2022-yilning 6-sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Josep Borrel bilan uchrashdi.

Muloqotda Oʻzbekiston-Yevropa hamkorligining dolzarb masalalari, ularni yanada faollashtirish va amaliy mazmun bilan boyitish masalalari muhokama qilindi.

Siyosiy, huquqiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnikaviy, ayniqsa, ikki tomonlama va mintaqalararo hamkorlikning institutsional mexanizmlaridan samarali foydalanish orqali oʻzaro aloqalarni yanada kengaytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Tomonlar shu yilning 6-iyulida Bryusselda rasmiy imzolashdan oldin rozilik bildirilgan (parafirlangan) Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha muzokaralar jarayoni muvaffaqiyatli yakunlanganini olqishladilar.

Shuningdek, boʻlajak ikki va koʻp tomonlama tadbirlarga puxta va sifatli tayyorgarlik koʻrish boʻyicha kelishuvga erishildi. Yevropa diplomatiyasi rahbari joriy yilning 17-18-noyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” vazirlar uchrashuvida, shuningdek, “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” oʻzaro bogʻliqlik: Barqaror rivojlanish uchun global darvoza” konferensiyasida shaxsan ishtirok etishga tayyorligini tasdiqladi.