Oʼtgan 3 yil mobaynida Oʼzbekiston va Turkmaniston mamlakatlari oʼzaro savdo hajmi 3 barobar oshgan

Oʼzbekiston hukumati delegatsiyasi tashrifi doirasida Turkmanistonda boʼlib turgan Sardor Umurzakov Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining oʼrinbosari Ch.Gilidjov bilan uchrashuv oʼtkazdi.

Iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirishning istiqbolli yoʼnalishlari koʼrib chiqildi. Oʼtgan 3 yil mobaynida oʼzaro savdo hajmi 3 barobar oshgani va joriy yilning yanvarь-iyunь oylari mobaynida tovar aylanmasining oʼsishi oʼtgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizni tashkil etgani taʼkidlandi. Oʼzaro savdoni faollashtirish boʼyicha qoʼshma saʼy-harakatlarni amalga oshirishga oʼzaro tayyorlik bildirildi.

Bundan tashqari, uchrashuvda Buxoro va Lebap viloyatlari hamda Xorazm va Dashoguz viloyatlari oʼrtasida hududlararo hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida toʼxtalib oʼtildi.