Oʼzbek ipakchilik tajribasi qoʼshni mamlakatlarda katta qiziqish uyg’otmoqda

Oʼzbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʼmitasida Tojikiston Respublikasi Prezidenti ijroiya qoʼmitasi va Vazirlar Mahkamasi xodimlari, "Tojik pilla" tashkiloti rahbariyati hamda "UNIDO" vakillaridan iborat delegatsiya aʼzolari bilan hamkorlik uchrashuvi boʼlib oʼtdi.

Taʼkidlash joiz, mazkur delegatsiya aʼzolari joriy yilning yanvar oyida ham Fargʼona va Surxondaryo viloyatlaridagi pillachilik tarmoqlari bilan tanishish uchun kelgan edi.

Mehmonlar mamlakatimizda mavjud 11 turdagi tut navlaridan tashkil topgan tutzor bilan tanishib, ularning oʼziga xos xususiyatlari haqida maʼlumotlarga ega boʼldi. "Oʼzbekipaksanoat" uyushmasidagi koʼrgazmali "Shou-rum"ni tomosha qilib milliy ipakdan tayyorlangan mahsulotlar bilan tanishishdi.

“Davlatimiz rahbarining 2017-yil 29-martdagi "Oʼzbekipaksanoat" uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi qarori bilan pillachilik sohasini rivojlantirish borasida ijobiy qadamlar tashlanib, tarmoqda oʼnglanish va rivojlanish boshlandi", dedi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʼmitasi raisi Bahrom Sharipov. Sababi sohamizga davlatimiz rahbarining shaxsan oʼzlari ham katta eʼtibor qaratgan. Qaror bilan berilgan imtiyozlar natijasida yiliga toʼrt marta ipak qurti parvarishlab, sifatli pilla yetishtirishga muvaffaq boʼldik. Hozirda, mamlakatimizda yiliga 25 ming tonnadan ortiq pilla yetishtiriladi va 76 ta pillani qayta ishlash korxonalari bor. Shuningdek, 5 ta mato ishlab chiqaruvchi fabrikalarimiz faoliyat olib bormoqda. Joriy yildan 50 foiz ipakni oʼzimizda matoga aylantirib, xorijga eksport qilishni rejalashtirganmiz. Sohada 1 millionga yaqin aholi ish bilan band boʼlib, ularning 90 foizi asosan chekka hududlarda yashovchi chevar opa-singillarimizdir. Biz toʼrt yilda bosqichma-bosqich pilla yetishtirishdan boshlab, mato va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish jarayoniga yetib keldik.

Ipakchilik tajribalarini oʼrganish va bu borada hamkorlikda davom etish maqsadida yurtimizga ikkinchi bor kelgan mehmonlar Oʼzbekiston ipakchilik sohasida boy tajriba, yuksak salohiyatga ega mamlakat ekanligini oʼz kuzatuvlari asosida eʼtirof etdilar.