Oʼzbek-qirgʼiz hamkorlik rishtalari

Joriy yilning 27-aprel kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Qirgʼiz Respublikasi Iqtisodiyot va savdo vaziri D.Аmangeldievni qabul qildi.

Uchrashuvda iqtisodiyot va suv-energetika sohasidagi hamkorlikka urgʼu bergan holda oʼzbek-qirgʼiz munosabatlarini chuqurlashtirish yoʼllari, shuningdek, Oʼzbekiston hukumat delegatsiyasining yaqinda Qirgʼizistonga tashrifi chogʼida erishilgan kelishuvlarning hayotga tatbiq etilishi muhokama qilindi.

Yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini va savdo shartnomalarini ishlab chiqish maqsadida ikki mamlakat masʼul vazirlik va idoralarining oʼzaro tashriflarini tashkil qilish boʼyicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari oʼrtasida qishloq xoʼjaligi texnikasi, avtomobil ishlab chiqarish va boshqa sohalarda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish yuzasidan navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi.

Transport va infratuzilma sohasida qoʼshma loyihalarni, jumladan, “Xitoy–Qirgʼiziston–Oʼzbekiston” temir yoʼlini qurish loyihasini amalga oshirish bilan bogʼliq masalalar ustida ishlandi. Ikki mamlakat hududlari orqali oʼtadigan yangi transport va logistika yoʼnalishlarini rivojlantirish boʼyicha qoʼshma chora-tadbirlar koʼrib chiqildi.

Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi va Qirgʼiz Respublikasi oʼrtasida ikki tomonlama hamkorlik boʼyicha Hukumatlararo qoʼshma komissiyasining 9-yigʼilishida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi hamda komissiyaning navbatdagi yigʼilishi kun tartibidagi masalalar muhokama qilindi.