Oʼzbek-venger hamkorligi masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 4-may kuni Toshkent shahrida Iqtisodiy hamkorlik boʼyicha Oʼzbekiston-Vengriya hukumatlararo komissiyasi hamraislari, Oʼzbekiston Bosh vazirining oʼrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov hamda Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto oʼrtasida uchrashuv boʼlib oʼtdi.
Uchrashuvda siyosiy, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnik, transport va logistika, madaniy-gumanitar va hududlararo sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik kun tartibidagi dolzarb masalalar, amaldagi kelishuvlarni hayotga tatbiq etilishi hamda ustuvor yoʼnalishlarda munosabatlarni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar idoralararo darajadagi hamkorlikni izchil va tizimli rivojlantirish, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari oʼrtasidagi bevosita aloqalarni mustahkamlash boʼyicha olib borilayotgan samarali ishlarni mamnuniyat bilan qabul qildilar. Toʼqimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika va kimyo mahsulotlarini oʼzaro yetkazib berish hajmi oshgani qayd etildi. Investitsiyaviy hamkorlik ham kengayib bormoqda: venger kompaniyalari va banklari Oʼzbekistonda loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda va sheriklikni kengaytirish uchun yangi yoʼnalishlarni izlamoqda.
Uchrashuv ishtirokchilari transport sohasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qilar ekan, ikki mamlakat transport idoralari oʼrtasida Havo qatnovi toʼgʼrisidagi Hukumatlararo bitimni imzolashni jadallashtirish chora-tadbirlarini koʼrib chiqdilar va bir qator muhim masalalar yuzasidan yakdil fikrga keldilar.
Madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, taʼlim sohasidagi aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi aloqalarni faollashtirish toʼgʼrisida kelishuvga erishildi.






