Oʼzbekiston-Аmerika hamkorligi masalalari muhokama qilindi

Bugun, 24-may kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov АQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari boʼyicha yordamchisi Donald Lu bilan uchrashdi.

Muzokaralar chogʼida koʼp qirrali Oʼzbekiston – АQSh joriy hamkorligining kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Tomonlar ikki taraflama munosabatlar va mintaqaviy sheriklik doirasida hamkorlikda erishilgan sezilarli yutuqlarni mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika yoʼnalishlaridagi hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. АQSh biznesini Oʼzbekistondagi loyihalarni amalga oshirishga jalb etish hamda oʼzbek eksportchilarini qoʼllab-quvvatlash va ayollar tadbirkorligini rivojlantirish boʼyicha qoʼshma dastur va tashabbuslarni roʼyobga chiqarishda amaliy hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

“Yashil” energetika, qishloq xoʼjaligi, yoshlar tadbirkorligi, toʼqimachilik sanoatining eksport salohiyatini oshirish va boshqa sohalarni rivojlantirish maqsadida АQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning texnik va maslahat yordamini jalb qilishni nazarda tutgan holda, Аgentlik bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari koʼrib chiqildi.

АQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) bilan birgalikda Oʼzbekiston Respublikasining istiqbolli tarmoqlarida xususiy sektor loyihalarini amalga oshirish boʼyicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi.

Muzokaralar jarayonida Аmerika tomoni Oʼzbekistonni Jahon savdo tashkilotiga qoʼshilish masalalarida zarur texnik va maslahat yordami koʼrsatish orqali qoʼllab-quvvatlashni davom ettirishga sodiqligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan barcha masalalarni ilgari surishni jadallashtirish maqsadida faol muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.