Oʼzbekiston-Italiya munosabatlarini mustahkamlash istiqbollari

Joriy yilning 27-may kuni Rim shahrida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Italiya Respublikasi tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Luidji Di Mayo bilan uchrashdi.

Uchrashuv Oʼzbekiston-Italiya hamkorligining bugungi holatini koʼrib chiqish va uni yanada mustahkamlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish uchun yaxshi imkoniyat boʼldi. Oʼzbekiston-Italiya munosabatlarining keng koʼlamli kun tartibini muhokama qilar ekan, tomonlar investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratdilar.

Oʼzaro savdo rivojlanishida ijobiy natijalar qayd etildi. 2021-yil yakunlariga koʼra, Oʼzbekiston va Italiya oʼrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 25 foizga oshdi. Joriy yilning birinchi choragida ham toʼqimachilik, oziq-ovqat, charm-attorlik buyumlari, asbob-uskunalar va boshqa tovarlar yetkazib berish hajmining ortishi tufayli oʼsish tendensiyalari kuzatildi. Tomonlar ikki tomonlama savdo hajmini oshirish boʼyicha navbatdagi qoʼshma saʼy-harakatlarni koʼrib chiqdilar va bu boradagi ishlarni faollashtirishga kelishib oldilar.

Shuningdek, uchrashuvda energetika sohasidagi hamkorlik, hududlararo munosabatlar masalalari hamda ikki tomonlama tadbirlarga, jumladan, Savdo-iqtisodiy va sanoat hamkorligi boʼyicha Oʼzbekiston-Italiya hukumatlararo ishchi guruhining navbatdagi yigʼilishiga tayyorgarlik koʼrish chora-tadbirlariga toʼxtalib oʼtildi.