Oʼzbekiston-Latviya ishbilarmonlar kengashining ikkinchi yigʼilishi boʼlib oʼtdi

2022-yil 8-fevral kuni Toshkent shahrining Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi binosida Oʼzbekiston-Latviya ishbilarmonlar kengashining ikkinchi yigʼilishi boʼlib oʼtdi. Tadbirni Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining oʼrinbosari F.Usmonov olib bordi.
Tadbirda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʼrinbosari L.Qudratov, Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi А.Ikromov, Latviya Ish beruvchilar konfederatsiyasi (LDDK) prezidenti Vitaliys Gavrilovs va boshqa vazirlik, idoralar vakillari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy mavzusi Oʼzbekiston va Latviyaning sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada rivojlantirishning hal qiluvchi omili sifatida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʼrtasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash masalalari boʼldi.
Taʼkidlash joizki, Oʼzbekiston-Latviya ishbilarmonlar kengashi, oʼz navbatida, ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining yaqin, toʼgʼridan-toʼgʼri hamkorligi, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy aloqalarni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishga qaratilgan koʼplab qoʼshma tadbirlarni oʼtkazish, Oʼzbekiston va Latviya oʼrtasidagi texnologik, transport-logistika va boshqa sohalarda hamkorlik qilishda muhim platforma boʼlib xizmat qilmoqda.
Uchrashuv davomida mehmonlar Oʼzbekistonning sarmoyaviy salohiyati, shuningdek, mamlakatimizda biznes yuritish uchun yaratilgan barcha sharoitlar haqidagi taqdimot materiallari bilan tanishtirildi.
Tadbir soʼngida hamkorlikka oid ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʼlib oʼtdi.
Eslatib oʼtamiz, ertaga, yaʼni 2022-yil 9-fevral kuni “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Oʼzbekiston-Latviya biznes forumi boʼlib oʼtadi.






