Oʼzbekiston Markaziy Osiyo – Rossiya 5-Vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi

Joriy yilning 22-aprel kuni videokonferensiya tarzida “Markaziy Osiyo – Rossiya” 5-Vazirlar yigʼilishi boʼlib oʼtdi. Tadbirda Oʼzbekiston, Qozogʼiston, Qirgʼiziston, Turkmaniston, Tojikiston va Rossiya hukumatlari vakillari ishtirok etdi.
Oʼzbekiston Respublikasi nomidan videokonferensiyada Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov qatnashdi.
Uchrashuv kun tartibiga mintaqa davlatlari va Rossiya oʼrtasidagi koʼp tomonlama hamkorlikka oid, jumladan, Markaziy Osiyoda barqarorlikni saqlash, terroristik va ekstremistik tahdidlarga qarshi kurashish, islohotlarni amalga oshirish va barqaror rivojlanishni ragʼbatlantirish, jadal iqtisodiy oʼsish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, eksport salohiyatini yuksaltirish, hududlararo turizmni rivojlantirish, kiber- va biologik xavfsizlik, shuningdek mintaqa davlatlari oʼrtasida sanoat kooperatsiyasini yoʼlga qoʼyish kabi masalalar kirdi.
Platformaga aʼzo mamlakatlar oʼrtasidagi hamkorlikning eng muhim yoʼnalishlari belgilab olindi. Ular qatoriga savdo-iqtisodiy aloqalarni faol ragʼbatlantirish hamda talabga ega mahsulotlarni oʼzaro yetkazib berishni kengaytirish va diversifikatsiya qilish, “yashil yoʼlaklar” va logistika imkoniyatlarini rivojlantirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash ham kiradi.
Shuningdek, Oʼzbekiston tomoni texnologik salohiyatni rivojlantirish, platformaga aʼzo mamlakatlarning qoʼshma investitsiya imkoniyatlarini birlashtirish va safarbar etish boʼyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi.
Unda S.Umurzakov nutq so'zlab, ikki tomonlama hamda mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasida sanoat kooperatsiyasi va texnologik almashinuv, energetika, taʼlim, sogʼliqni saqlash, fan va axborot texnologiyalari, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning aniq yoʼnalishlarini sanab oʼtdi. Nutqda afgʼon muammosiga alohida oʼrin berildi.






