Oʼzbekiston-Mongoliya biznes forumi

Joriy yilning 2-iyun kuni savdo-sanoat palatasida Oʼzbekiston-Mongoliya biznes-forumi boʼlib oʼtdi. Forumda Oʼzbekiston tashqi ishlar vazirining oʼrinbosari F.Siddiqov, Oʼzbekiston savdo-sanoat palatasi raisining birinchi oʼrinbosari I.Jasimov, shuningdek, Oʼzbekiston ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdilar.
Mongoliya tarafidan Mongoliya tashqi ishlar vaziri oʼrinbosari Batsumber Munxina, Moʼgʼuliston Milliy savdo-sanoat palatasi Prezidenti Otgondavaa Аmartuvshin va Moʼgʼulistonning biznes doiralari ishtirok etdi.
Forum oʼzida Oʼzbekiston va Mongoliyaning 50 ga yaqin biznes vakillarini toʼpladi. Tadbirdan koʼzlangan asosiy maqsad - ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, ikki mamlakat oʼrtasida tadbirkorlar uchun qoʼshimcha imkoniyatlar yaratish borasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari oʼtgan davrda Oʼzbekiston-Mongoliya munosabatlari izchil kengayib, mustahkamlanib borayotganini taʼkidladilar. Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda oʼzaro hamkorlik faollashgani aytib oʼtildi.
Mehmonlar Oʼzbekiston savdo-sanoat palatasi faoliyati, shuningdek, mamlakatimizda xususiy sektorni faol rivojlantirish va uning rolini oshirish borasida amalga oshirilayotgan yangiliklar bilan tanishdilar.
Tadbir yakunida ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari ishbilarmon doiralarni ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikning yangi "oʼsish nuqtalari" ni ishlab chiqish uchun faol hamkorlik qilish va konstruktiv muloqotni yoʼlga qoʼyishga chaqirdi.
Forum yakunida ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari oʼrtasida hamkorlik toʼgʼrisidagi bitim imzolandi.






