Oʼzbekiston-Pokiston hamkorligi faol rivojlanmoqda

Joriy yilning 25-yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining savdo va investitsiyalar boʼyicha maslahatchisi Аbdul Razzoq Dovud bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar oʼtkazdi.

Muzokaralar kun tartibiga investitsiyalar, oʼzaro savdo, sanoat kooperatsiyasi va transport-logistika kabi sohalarda ikki tomonlama hamkorlikka oid keng koʼlamli masalalar kiritildi.

Pokiston Respublikasi Bosh vazirining 2021-yil iyuldagi Oʼzbekistonga tashrifi chogʼida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi atroflicha koʼrib chiqildi. Qoʼshma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish borasida erishilgan yutuqlar muhokama etildi, har bir yoʼnalishda mavjud boʼlgan masalalar koʼrib chiqildi va hal qilindi. Kelishilgan loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida yaqin hamkorlikni davom ettirishga sodiqlik bildirildi.

Savdo aylanmasini oshirishda ikki davlat tomonidan erishilgan muvaffaqiyat qayd etildi. Jumladan, 2021-yil yakunlariga koʼra, oʼzaro savdo hajmi oʼtgan yilga nisbatan 46 foizga oshdi. Shu nuqtai nazardan Imtiyozli savdo toʼgʼrisidagi bitim loyihasi boʼyicha olib borilayotgan ishlar oʼrganildi. Tomonlar hujjat yuzasidan kelishish hamda joriy yil davomida uning imzolanishini tezlashtirish maqsadida birgalikdagi saʼy-harakatlarni faollashtirishga qaror qildilar.

Oʼzbekiston tomoni Pokistonning Tranzit va savdo toʼgʼrisidagi bitimni ratifikatsiya qilganini olqishladi. Kelishuvni hayotga roʼyobga chiqarish mexanizmlarini muvofiqlashtirish maqsadida yaqin vaqt ichida ikki mamlakat transport va bojxona idoralari rahbariyati va ekspertlari oʼrtasida muzokaralar tashkil etishga kelishib olindi.

Transport va logistika sohasida qoʼshma loyihalarni amalga oshirish bilan bogʼliq masalalar ham koʼrib chiqildi. Xususan, “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yoʼlini qurish loyihasini amalda joriy etish boʼyicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi. Bundan tashqari, ikki mamlakat oʼrtasida ikki tomonlama yuk va yoʼlovchi tashishni yanada faollashtirish dolzarbligi qayd etildi.