Oʼzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumatlari oʼrtasida texnik-iqtisodiy hamkorlik toʼgʼrisida Bitim imzolandi

Joriy yilning 24-may kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Oʼzbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʼrtasida Texnik-iqtisodiy hamkorlik toʼgʼrisidagi bitimni imzolash marosimi boʼlib oʼtdi.

Hujjat Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʼrinbosari А.Voitov va Xitoy Xalq Respublikasining Oʼzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Szyan Yan tomonidan imzolandi.

Bitim Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati tomonidan Oʼzbekiston Respublikasida ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun 250 mln. yuan (37,5 mln. dollar) miqdorida begʼaraz yordam koʼrsatishni nazarda tutadi.

Bugungi kungacha ikki mamlakat oʼrtasidagi texnik-iqtisodiy hamkorlik doirasida sogʼliqni saqlash, taʼlim, qishloq va suv xoʼjaligi, madaniyat, transport va boshqa sohalarda loyihalar amalga oshirildi.