Oʼzbekiston - Turkiya taʼlim sohasidagi hamkorlik

Joriy yilning 24-yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Turkiya Respublikasi Oliy taʼlim Kengashi Raisi E.Uzvar boshchiligidagi mazkur Kengash rahbariyati vakillaridan iborat delegatsiyani qabul qildi. Shuningdek, uchrashuvda, Turkiya Respublikasining Oʼzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi O.Bekar hamda Turkiya Respublikasi Savdo vazirligi vakillari ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida oliy taʼlim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Jumladan, Turkiyaning yetakchi taʼlim muassasalari ishtirokida Oʼzbekistonda Oʼzbek-Turk Universitetini tashkil etishni jadallashtirish chora-tadbirlari koʼrib chiqildi. Tegishli kelishuvga 2020 - yilning avgustida Oʼzbekiston hukumati delegatsiyasining Аnqara shahriga tashrifi chogʼida erishilgan edi. Tomonlar ushbu yoʼnalishdagi navbatdagi tadbirlarni belgilab, mavjud masalalar yuzasidan yaqin istiqbolda kelishishga qaror qildilar.

Taʼlim sohasida hamkorlikda erishilgan boshqa muvaffaqiyatlar ham qayd etildi. Xususan, Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining Toshkent filiali va Buxoro Davlat tibbiyot instituti qoshida tashkil qilingan Turkiya tibbiyot fanlari universitetining fakulteti muvaffaqiyatli faoliyat koʼrsatmoqda.

Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga oʼzaro tayyorlik bildirildi, shu munosabat bilan Turkiyaning yetakchi taʼlim muassasalarining Oʼzbekiston hududlarida muhandislik, sanʼat, tibbiyot, qishloq xoʼjaligi va turizm kabi sohalarda yangi filiallarini tashkil qilish imkoniyatlari koʼrib chiqildi. Shuningdek, professor-oʼqituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar almashinuvi boʼyicha hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shu nuqtai nazardan, ilmiy tadqiqotchilarning malakasini yuksaltirish hamda talabalarning bilim va koʼnikmalari darajasini oshirish, shuningdek, ikki mamlakat oliy oʼquv yurtlari oʼrtasida maʼruzalar, amaliy mashgʼulotlar, interfaol seminar-treninglar tashkil etish boʼyicha kelishuvga erishildi.