Oʼzbekiston - Turkmaniston: hududlararo hamkorlikni mustahkamlash mexanizmlari koʼrib chiqildi

Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Turkmaniston sanoat va qurilish ishlab chiqarish vaziri B.Аnnamamedovni qabul qildi.
Muzokaralar davomida, soʼnggi 4 yilda oʼzbek - turkman tovar ayirboshlash hajmi 5 barobar oshgani, 2021-yilda esa oʼzaro tovar ayirboshlash hajmi oʼtgan yilga nisbatan 65 foizni tashkil etgani qayd etildi. 2021-yilning sentabr oyida boʼlib oʼtgan oliy darajadagi tadbirlar yakunlari boʼyicha imzolangan bir qator savdo shartnomalari bugungi kunda hayotga tatbiq etilmoqda.
Oʼzbekiston va Turkmaniston iqtisodiyotlarining raqobatbardosh ustunliklari asosida ajratib olingan yangi istiqbolli yoʼnalishlarda sanoat sohasidagi hamkorlikni kengaytirish boʼyicha takliflar ilgari surildi.
Hududlararo hamkorlikni mustahkamlash mexanizmlari koʼrib chiqildi. Tomonlar sanoat kooperatsiyasining yangi loyihalarini va savdo shartnomalarini ishlab chiqish maqsadida ikki mamlakat hududlari maʼmuriyatlarining faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirishga kelishib oldilar.
Oziq-ovqat xavfsizligi yoʼnalishida tajriba almashish uchun Oʼzbekiston va Turkmaniston vazirlik va idoralari delegatsiyalarining tashriflarini tashkil qilishga oʼzaro tayyorlik bildirildi.






