Oʼzbekiston-Tyuringiya ishbilarmonlari ishtirokidagi biznes-forum

Bugun 30-sentabr kuni “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Oʼzbekiston-Tyuringiya ishbilarmon doiralari hamda vazirlik va idoralari ishtirokida biznes-forum, "B2B" va "B2G" formatidagi ikki tomonlama uchrashuvlar boʼlib oʼtdi.
Tadbir Oʼzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, Tyuringiya Iqtisodiy rivojlanish agentligi (LEG) va Oʼzbekistonning Germaniyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.
Ta’kidlash joizki, 2022-yil 29-sentabrdan 1-oktabrga qadar Germaniyaning Tyuringiya federal oʼlkasi ishbilarmonlari delegatsiyasining Oʼzbekistonga ilk tashrifi amalga oshirildi. Qayd etilishicha, nemis delegatsiyasi tarkibiga 20ga yaqin nemis firma va kompaniyalari, ilmiy tadqiqot va taʼlim muassasalari vakillari kiritilgan.
Forumni Oʼzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi oʼrinbosari Islom Jasimov, Germaniyaning Oʼzbekiston Respublikasidagi elchisi Dr. Tillo Kinner va Tyuringiya Iqtisodiy rivojlanish agentligining investitsiyalar, tashqi aloqalar va klasterni rivojlantirish boʼyicha ijrochi direktori Аrnulf Vulff kirish soʼzi bilan ochib berdilar.
Tadbirni tashkil etishdan koʼzlangan maqsad kooperativ tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, Oʼzbekiston va Tyuringiya Federal oʼlkasi tadbirkorlari oʼrtasidagi aloqalarni mustahkamlashdan iborat.






