“Oʼzbekiston Ukraina va Rossiya masalasi boʼyicha vazmin, neytral pozitsiyada” – Sherzod Asadov

“Kechadan buyon mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari va blogerlaridan Oʼzbekiston va Rossiya Prezidentlarining yaqinda boʼlib oʼtgan telefon muloqoti yakunlariga izoh berishimni soʼrab, murojaatlar kelib tushmoqda” deya xabar berdi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov.

"Shu munosabat bilan hamkasblarimizga quyidagilarni maʼlum qilmoqchiman.

Ikki tomonlama munosabatlarning keng koʼlamli kun tartibida turgan dolzarb masalalardan tashqari, Oʼzbekiston va Rossiya yetakchilari Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar.

Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbariga maxsus harbiy operatsiyani oʼtkazish toʼgʼrisida qabul qilingan qarorning sabablari va shart-sharoitlari toʼgʼrisida maʼlumot berdi.

Oʼzbekiston yetakchisi, oʼz navbatida, tomonlar vaziyatni hal qilishning oʼzaro maqbul yoʼllarini tez fursatda topishlari va uning yanada keskin tus olishiga yoʼl qoʼyilmasligiga umid bildirdi.

Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, Oʼzbekiston bu masala boʼyicha vazmin, neytral pozitsiyada.

Mamlakatimiz azaldan ham Rossiya, ham Ukraina bilan yaqin, doʼstona munosabatlarga ega. Biz keng mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot boʼlishidan manfaatdormiz. Barcha bahs va kelishmovchiliklar faqatgina xalqaro huquq normalari asosida hal qilinishi lozim".