Oʼzbekiston va Аfgʼoniston delegatsiyalarining kengaytirilgan yigʼilishi boʼlib oʼtdi

Kobul shahrida Oʼzbekiston va Аfgʼoniston delegatsiyalarining yigʼilishi o’tkazilib, unda Oʼzbekiston tomoniga Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Аfgʼoniston tomoniga Аfgʼoniston muvaqqat hukumati rahbarining oʼrinbosari Аbdul Gʼani Baradar boshchilik qildi.

Uchrashuv chogʼida tomonlar investitsiyalar, savdo, transport va logistika, energetika, qishloq xoʼjaligi, taʼlim va sogʼliqni saqlash sohalarida oʼzbek-afgʼon hamkorligining kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashdi.

"Termiz - Mozori-Sharif - Kobul - Peshavor" trans-afgʼon temir yoʼlini qurish loyihasini amalga oshirish boʼyicha hamkorlikni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar loyihani hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlarini muhokama qilib, mavjud barcha masalalarni birgalikda hal qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Muloqot chogʼida Oʼzbekiston kompaniyalarini infratuzilmani qurish va tiklash, qishloq xoʼjaligini rivojlantirish va tabiiy resurslarni qazib olish boʼyicha qoʼshma loyihalarda ishtirok etishga jalb qilish imkoniyatlari ham koʼrib chiqildi. Yaqin kelajakda oʼzbek – afgʼon savdo-iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish boʼyicha Tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda uni amalga oshirish boʼyicha birgalikda ish olib borishga kelishildi.