Oʼzbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarining tor doiradagi uchrashuvi boʼlib oʼtdi

Koʼksaroy qarorgohida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Аliyev tor doirada uchrashuv oʼtkazdilar.
Davlat rahbarlari Oʼzbekiston va Ozarbayjon oʼrtasidagi koʼp qirrali strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.
Ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Keyingi yillarda mamlakatlarimiz oʼrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi barqaror oshib bormoqda. Qoʼshma korxonalar soni 4 barobar koʼpaydi.
2021-yil sentabr oyida Ozarbayjonda mamlakatimiz avtomobillarini yigʼish korxonasining ishga tushirilgani muvaffaqiyatli qoʼshma loyihalardan biri boʼldi. Tashrif arafasida oʼtkazilgan biznes forumida umumiy qiymati yarim milliard dollarlik yangi investitsiya va savdo kelishuvlari imzolandi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Oʼzbekiston va Ozarbayjon yetakchilari uchrashuv chogʼida ikki mamlakat hududida neft-gaz, gaz-kimyo, toʼqimachilik, farmatsevtika, vinochilik va oziq-ovqat tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi istiqbollarini muhokama qildilar.
Transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Transport yoʼlaklarini rivojlantirish, yuk tashish tariflarini maqbullashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Prezidentlar hududlararo hamkorlikni mustahkamlash, birgalikdagi ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarni oʼtkazish, sayyohlar almashinuvini koʼpaytirish muhim ekanini qayd etdilar.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy vaziyat yuzasidan ham fikr almashib, koʼp tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol muloqot va oʼzaro qoʼllab-quvvatlashni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar.






