Oʼzbekiston va Pokiston oʼrtasida amaliy hamkorlik yo’lga qo’yilmoqda

Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Pokiston Islom Respublikasi tijorat vazirining birinchi oʼrinbosari Muhammad Solih Faruqiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi.
Uchrashuv chogʼida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika sohalarida Oʼzbekiston-Pokiston hamkorligini chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, ikki mamlakat oʼrtasida Imtiyozli savdo toʼgʼrisidagi bitim loyihasi yuzasidan kelishuvni jadallashtirish tadbirlari muhokama qilindi.
Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining Oʼzbekiston Respublikasiga tashrifi chogʼida (15-16-iyul 2021-yil) imzolangan Tranzit va savdo toʼgʼrisidagi bitim shartlarini amalda joriy etish boʼyicha “Yoʼl xaritasi”ni ishlab chiqish masalasi koʼrib chiqildi.
“Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” trans-afgʼon temir yoʼlini qurish loyihasini amalga oshirish boʼyicha keyingi qadamlar muhokama qilindi.
Pokiston ishbilarmon delegatsiyalarining sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish maqsadida Oʼzbekistonga tashriflarini tashkil etishga kelishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar koʼrib chiqilgan munosabatlarning barcha sohalarida faol hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.






