Oʼzbekiston va Rossiya Prezidentlari ikki tomonlama va mintaqa kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qildilar

Bugun, 13 - yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin telefon orqali muloqot qildilar.

Suhbatda davlat rahbarlari Oʼzbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining joriy holati va istiqbollarini muhokama qildilar.

Oliy darajada oʼtgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi.

Turli darajalardagi delegatsiyalarning oʼzaro tashriflari faollashgan. 2021 - yil yakunlariga koʼra, tovar ayirboshlash hajmi 33 foizga oshgan.

Hududlararo yoʼnalishda, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlar faol rivojlanmoqda.

Tomonlar Oʼzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʼrtasida diplomatik munosabatlar oʼrnatilganining 30 yilligiga bagʼishlangan turkum tadbirlar oʼtkazish muhim ekanini qayd etdilar.

Shuningdek, yaqinda Qozogʼistonda roʼy bergan voqealar nuqtai nazaridan Markaziy Osiyodagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.

Qozogʼiston rahbariyati tomonidan ushbu mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni tiklash, vaziyatni barqarorlashtirish borasida koʼrilayotgan chora-tadbirlar qoʼllab-quvvatlandi.

Telefon orqali muloqot har doimgidek iliq, samimiy va doʼstona ruhda oʼtdi.