Oʼzbekiston va Yaponiya: qiymati 4,3 milliard dollarlik 22 ta loyiha

Tokio shahrida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Koichi Xagiuda oʼrtasida muzokaralar o’tkazildi.
Uchrashuv kun tartibida investitsiyalar, sanoat va oʼzaro savdo sohasidagi ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari boʼldi.
Tomonlar Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yilda Yaponiyaga tashrifi yakunlari boʼyicha imzolangan qiymati 4,3 milliard dollarlik 22 loyihaning amalga oshirilishini koʼrib chiqdilar.
Muloqot chogʼida energetika, sogʼliqni saqlash, transport infratuzilmasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish uchun muhim imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Ushbu yoʼnalishlar boʼyicha aniq loyiha takliflari bilan almashish maqsadida yaqin idoralararo hamkorlik mexanizmini yaratish hamda ularni hayotga tatbiq etishga koʼmaklashish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Oʼzbekiston tomoni Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) davlat kafolatlarini jalb etmasdan energetika sohasini moliyalashtirish hamda kichik va oʼrta biznesni qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan xususiy sektorni moliyalashtirish boʼyicha yangi vositasini Oʼzbekistonda qoʼllash tashabbusini olqishladi.
Toshkentda nevrologiya va insult tibbiyot markazini qurish loyihasi, Samarqand va Аndijon shaharlarida tibbiy klinikalarni jihozlash loyihasi, yirik energetika loyihalari va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan qator loyihalarning amaliy jihatlari atroflicha koʼrib chiqildi.
Аlohida tartibda Yaponiya tomonidan Yaponiya sanoat sinov markazlarida oʼzbekistonlik mutaxassislar uchun amaliyot va treninglar tashkil qilish istiqbollari muhokama qilindi.






