Oʼzbekiston va Turkiya o’zaro Yoʼl xaritasini ishlab chiqish bo’yicha kelishuvga erishdi

Joriy yilning 20-yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Turkiya Respublikasining Oʼzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi O.Bekarni qabul qildi. Uchrashuv davomida ikki tomonlama munosabatlarning sermazmun kun tartibi, jumladan, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Ishlab chiqilayotgan loyihalar, dasturlar va tadbirlar atroflicha koʼrib chiqildi. Tomonlar qoʼshma investitsiya loyihalarining sonini koʼpaytirish va oʼzaro savdo hajmini oshirishga qaratilgan choralarni yanada kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratdilar. Shu oʼrinda Imtiyozli savdo toʼgʼrisidagi bitim loyihasini kelishish yuzasidan olib borilayotgan ishlarni maromiga yetkazishni jadallashtirish boʼyicha yakdil qarorga kelindi.
Turk investorlarining Oʼzbekistondagi faoliyati bilan bogʼliq bir qator masalalar ham tilga olindi. Tomonlar ularning yechimini topish algoritmlarini muhokama qilib, tegishli loyihalarni ilgari surish boʼyicha navbatdagi tadbirlarni belgilab olishdi. Oʼzbekiston tomoni turkiyalik tadbirkorlar bilan yaqin hamkorlik qilish va yuzaga kelayotgan masalalarni hal etishda ularga tezkor amaliy yordam koʼrsatishga sodiqligini bildirdi.
Аlohida tartibda ikki mamlakatning transport jihatidan oʼzaro bogʼliqligini kengaytirish va tranzit salohiyatini rivojlantirish boʼyicha keyingi qadamlar muhokama qilindi. Ikki davlatni bogʼlovchi transport yoʼlaklaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʼyicha aniq takliflar ishlab chiqish uchun ikki tomon vakillaridan iborat ekspert guruhini tuzishga kelishildi.
Uchrashuv yakunida yuqoridagi masalalarning joriy holatini oʼrganish va ularni hal etishga doir zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan alohida “Yoʼl xaritasi”ni ishlab chiqish toʼgʼrisida kelishuvga erishildi.






