Oʼzbekiston – Turkiya: mahkumlarni topshirish toʼgʼrisidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi Qonun maʼqullandi

Yalpi majlisida “Oʼzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati oʼrtasida mahkumlarni topshirish toʼgʼrisidagi bitimni (Toshkent, 2022-yil 29-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonuni koʼrib chiqildi. Mazkur xalqaro bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi Qonun Oʼzbekiston va Turkiya fuqarolariga sud tomonidan tayinlangan jazoni oʼz mamlakatida oʼtash uchun huquqiy asos va imkoniyat yaratadi.

Ushbu huquqiy hujjatga koʼra mahkumlar qonunda belgilangan tartib-taomillarga muvofiq kelishayotgan tomonlarning murojaatlari asosida beriladi.

Muhokama chogʼida senatorlar mahkumlarning jazoni oʼz yurtida va jamiyatida oʼtashi ularga yaqinlari bilan muntazam koʼrishib turish imkonini berishini, bu esa oilaviy munosabatlarga ijobiy taʼsir koʼrsatishini, shuningdek, mahkumlarning jamiyat ijtimoiy hayotiga moslashishiga yordam berishini alohida taʼkidladi.

Shubhasiz, Qonun qabul qilinishi fuqarolarning huquq va manfaatlarini yanada samaraliroq himoya qilish imkonini beradi, respublikaning xalqaro maydondagi ijobiy nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Maʼlumki, Bitim 2022-yil 30-mart kuni Turkiya Respublikasi Prezidentining Oʼzbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida imzolangan edi.

Muhokama yakuni boʼyicha senatorlar Bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi Qonunni maʼqulladi.