Oʼzbekistonda “Face ID” kamerali sunʼiy intellekt tizimi ishga tushiriladi

Senat raisi Tanzila Norboyeva ichki ishlar organlari xodimlariga yuzni tanib olish va barmoq izini aniqlash dasturiga ega planshetlar berilayotganini qoʼllab-quvvatladi. “Ushbu tizim jinoyatchi, qochoq, bedarak yoʼqolgan shaxslarni topishda qoʼl kelishi butun dunyoda isbotini topgan”, dedi u.
28-fevral kuni Oliy Majlis Senatining Koreya Respublikasi Milliy Аssambleyasi bilan hamkorlik boʼyicha komissiyasining birinchi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva odamlarni tanib oluvchi texnologiyaning joriy etilishi haqida fikr bildirdi.
Yigʼilishda mazkur loyihani IIV Kiberxavfsizlik markazi bosh mutaxassisi Muhsinjon Sultonov taqdimot qildi. Uning aytishicha, tizim sunʼiy intellekt asosida ishlaydi. U dastlab foto-video maʼlumotlarni sunʼiy intellekt yordamida tahlil qiladi va shaxs yuzini ajratib oladi. Аjratib olingan yuz tasvirini biometrik maʼlumotlar bazasidagi shaxslarning tasvirlari bilan taqqoslaydi. Tahlil natijalarini maʼlumotlar bazasiga qayd etadi.
Tizim maʼlumotlar bazasi quyidagilardan tashkil topadi:
videokuzatuv kameralari tasvirlari;
ijtimoiy tarmoqlardagi foto-videolavhalar;
bodikameralardagi videotasvirlar;
mobil telefonlardagi foto-videotasvirlar.
Biometrik maʼlumotlarga asoslangan yuzni aniqlash va nazorat qilish kompleks tizimi oʼz ichiga 7ta dasturni qamrab oladi:
shaxs yuzini tanib olish.
karantin qoidalarini nazorat qilish;
ommaviy tartibsizliklar tashkilotchilari;
huquqbuzarliklarni aniqlash dasturi;
soxta yuz tasvirini aniqlash;
profayling tahlil;
ijtimoiy muhandislik yordamida shaxsning psixologik portretini shakllantirish.






