Oʼzbekistonda IHT mamlakatlari investorlari ishtirokida 5300 dan ortiq qoʼshma va xorijiy korxonalar tashkil etilgan

Joriy yilning 5-iyul kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar qishloq xoʼjaligi vazirlarining Toshkentda boʼlib oʼtayotgan yettinchi yigʼilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda boʼlib turgan IHT Bosh kotibi Xusrav Noziriyni qabul qildi.

Suhbat chogʼida Xusrav Noziriy Oʼzbekistonning IHTga raisligi ushbu tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi. Oʼzbekiston Respublikasining IHTda Raisligi konsepsiyasini amalga oshirish doirasida qabul qilingan “Yoʼl xaritasi” oʼz vaqtida va tizimli tarzda bajarilib kelinmoqda.

IHTning rejasiga muvofiq 2022-yilda oʼtkaziladigan qoʼshma tadbirlar, shu jumladan 2022-yil noyabrda Toshkentda oʼtkaziladigan Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 26-yigʼilishiga tayyorgarlik masalalari koʼrib chiqildi.

Uchrashuv davomida taʼminot zanjirlarining uzilishi va davom etayotgan global pandemiya bilan bogʼliq muammolarni bartaraf etish masalalari ham muhokama qilindi. Mintaqada transport kommunikatsiyalari va savdoni tizimli ravishda tiklash boʼyicha qoʼshma muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish istiqbollari koʼrib chiqildi. IHT mamlakatlari Oʼzbekistonning eng yirik savdo sheriklari ekanligi nuqtai nazaridan bu masala mamlakatimiz uchun dolzarbdir.

2021-yil yakunlariga koʼra, Oʼzbekiston va IHT mamlakatlari oʼrtasidagi tovar aylanmasi 11,1 mlrd dollarni tashkil qildi, bu esa 2017-yilga nisbatan 1,8 barobar koʼpdir. Oʼzbekistonda IHT mamlakatlari investorlari ishtirokida 5300 dan ortiq qoʼshma va xorijiy korxonalar tashkil etilgan.