Oʼzbekistonda tibbiyotni raqamlashtirishda Turkiyadan mutaxassislar jalb qilinadi

Oʼzbekiston Sogʼliqni saqlash vaziri Аmrillo Inoyatov Turkiya Sogʼliqni saqlash vaziri oʼrinbosari Shuayib Birindji bilan videomuloqot oʼtkazdi. Unda tibbiyot sohasi boʼyicha ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, mamlakatimizda tibbiyotni raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish maqsad qilingan. Tizimda elektron xizmatlar qamrovi oshishi esa aholiga qoʼshimcha qulayliklar yaratadi. Bundan tashqari, Oʼzbekistonda xalqaro tajriba asosida davlat tibbiy sugʼurtasi tizimini bosqichma-bosqich joriy etishga kirishilgan. Birinchi bosqich sinov tariqasida Sirdaryo viloyatida amalga oshirilmoqda.

2023-yildan boshlab, bu mexanizm Toshkent shahrida ham yoʼlga qoʼyladi. Shuningdek, yangi tizim Navoiy viloyatida tatbiq etilishi rejalashtirilgan. Ushbu islohotlar samaradorligini oshirish maqsadida Turkiyadan eng tajribali mutaxassislarni mamlakatimizga jalb qilish maqsad qilingan.

Shu bilan birga, tibbiyot klasterlari faoliyatini yoʼlga qoʼyish va rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimiga ilgʼor oʼqitish metodikalarini tatbiq etish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Muloqot davomida Turkiya Sogʼliqni saqlash vaziri oʼrinbosari Sh. Birindji yuqorida keltirilgan yoʼnalishlarda Oʼzbekiston bilan oʼz tajribalarini almashishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

Tomonlar kelishuviga muvofiq, yaqin kunlarda turkiyalik yetakchi mutaxassislar mamlakatimizga tashrif buyuradi. Ular yurtimizda sohani raqamlashtirish, tibbiy sugʼurta tizimini keng joriy etish, tibbiyot klasterlari faoliyatini yoʼlga qoʼyish va rivojlantirish jarayoniga yaqindan koʼmaklashadi.