Oʼzbekistonda «Toʼmaris» koʼkrak nishoni taʼsis etildi

Oʼzbekiston Prezidentining “Toʼmaris” koʼkrak nishonini taʼsis etish toʼgʼrisida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga ko’ra, Oʼzbekiston mudofaa qudratini yuksaltirish, jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlikni, tinchlik va barqarorlikni asrash, munosib hissa qoʼshayotgan ayol harbiy xizmatchilarni qoʼllab-quvvatlash maqsadida “Toʼmaris” koʼkrak nishoni taʼsis etildi.
Davlatimiz rahbari qarori bilan “Toʼmaris” koʼkrak nishoni toʼgʼrisidagi nizom va “Toʼmaris” koʼkrak nishoni, uning guvohnomasi tasdiqlandi.
Hujjatga koʼra, Oʼzbekiston Markaziy bankining “Davlat belgisi” davlat unitar korxonasi tegishli vazirlik va idoralarning buyurtmalariga asosan “Toʼmaris” koʼkrak nishoni va uning guvohnomasini belgilangan tartibda tayyorlaydi.
Qarorga muvofiq, “Toʼmaris” koʼkrak nishoni va uning guvohnomasini tayyorlash hamda mukofotlanganlarni taqdirlash bilan bogʼliq xarajatlar budjet mablagʼlari, budjetdan tashqari mablagʼlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Koʼkrak nishoni vazirlik va idoralar rahbarlari (yoki ularning topshirigʼiga muvofiq, boshqa masʼul shaxslar) tomonidan 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida tantanali ravishda topshiriladi.






