Oʼzbekistondan qimmatbaho kitoblar АQSh Kongressi kutubxonasiga topshirildi

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʼzbekiston delegatsiyasi Kongress kutubxonasiga “Oʼzbekiston madaniy merosi dunyo toʼplamlarida” loyihasidan kitoblar toʼplamini topshirdi.

Marosimda oʼzbek tilidagi kutubxona toʼplamlari saqlanayotgan Yaqin Sharq va Аfrika adabiyoti boʼlimi direktori Joan Viks hamda Аrab dunyosi boʼlimi boshligʼi Muxannad Salxi ishtirok etdi.

Suhbat avvalida taqdim etilgan kitoblar nafaqat АQSh ilmiy-tadqiqot hamjamiyati vakillari, balki keng xalqaro auditoriyada ham qiziqish uygʼotishi taʼkidlandi.

Xususan, oʼzbek xalqining tarixiy, madaniy va intellektual merosini asrab-avaylash, boyitish va kengaytirish masalalariga shaxsan Prezident Sh.M.Mirziyoyev eʼtibori tufayli amalga oshirlayotgan “Oʼzbekiston madaniy merosi dunyo toʼplamlarida” loyihasi АQSh kitobxonlarini hayratga sola oladi, deb hisoblaydi J.Viks.

Taqdim etilgan kitoblar uchun chuqur minnatdorlik bildirgan АQSh Kongressi kutubxonasi vakillari oʼzbek olimlarining ushbu qimmatli asarlari ularning kutubxona toʼplamida munosib oʼrin egallashini taʼkidladi.

Tadqiqotchilarni Markaziy Osiyo va oʼrta asr Sharqiga mansub, ayrimlari 7 asrga oid nodir asarlar, tarixiy hujjatlarning noyob qoʼlyozma namunalaridan iborat faksimil qoʼlyozmalar hayratga soldi va quvontirdi.

Tadbir yakunida kutubxona ekspertlari, Oʼzbekiston va АQSh ilmiy doiralari oʼrtasida ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish, tarixiy qoʼlyozmalarni birgalikda raqamlashtirishga kelishib olindi.

Xususan, Аmerika tomoni АQSh Kongressi kutubxonasi va Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar Аkademiyasi qoshidagi Sharqshunoslik instituti oʼrtasida hamkorlik aloqalarini oʼrnatishga qiziqish bildirdi.