Oʼzbekistonning JSTga aʼzo boʼlishini faollashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi

Joriy yilning 17-iyun kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov raisligida Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan ishlash boʼyicha Idoralararo komissiyasining yigʼilishi boʼlib oʼtdi.
Tadbir davomida Oʼzbekistonning JSTga aʼzo boʼlishi jarayoni va joriy yilning 21-22-iyun kunlari boʼlib oʼtadigan Oʼzbekistonning JSTga aʼzo boʼlishi boʼyicha Ishchi guruhining navbatdagi 5-yigʼilishiga tayyorgarlikning borishi tanqidiy koʼrib chiqildi.
Mamlakatimizning JSTga qoʼshilishi Yangi Oʼzbekistonning 2022-2026-yillarga moʼljallangan taraqqiyot Strategiyasining iqtisodiy ustuvor yoʼnalishlaridan biri ekani qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, ushbu vazifani amalga oshirishda tegishli vazirlik va idoralarning bilimli va malakali kadrlarning yuqori salohiyatidan foydalanish lozimligi alohida taʼkidlandi.
Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boʼlajak tadbirlarga tayyorgarlik jarayonini muvofiqlashtiradi va muntazam kuzatib boradi.
Yigʼilish yakunida Oʼzbekistonning JSTga aʼzo boʼlishi boʼyicha Ishchi guruhining 5-yigʼilishida ishtirok etish maqsadida safarga yuborilayotgan Muzokaralar guruhi har bir aʼzosining vazifalari, shu jumladan, Tashkilotga qoʼshilish boʼyicha muzokaralar jarayonini faollashtirishga doir choralar koʼrish hamda keyingi bosqichga, yaʼni Ishchi guruh Hisoboti loyihasini shakllantirishga oʼtish kabi vazifalar belgilab berildi.






