Oʼzbekistonning ShHTga raislik qilishi doirasida oʼtkaziladigan Hududlar rahbarlari forumiga bagʼishlangan brifing

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida joriy yilning 3-4-avgust kunlari Toshkentda boʼlib oʼtadigan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar Hududlari rahbarlari forumiga bagʼishlangan brifing boʼlib oʼtdi. Brifingda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʼrinbosari А.Voitov ishtirok etib, tadbirning mamlakatimiz uchun ahamiyati haqida so’z yuritdi.

Oʼzbekiston Respublikasining ShHTga raislik qilishi doirasida oʼtkazilayotgan mazkur Forum tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʼrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun hududlar darajadagi muloqot maydonchasiga aylanishi koʼzda tutilgan.

Tadbir Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning ShHTga aʼzo davlatlarning 2020-yilda Moskva va 2021-yilda Dushanbeda boʼlib oʼtgan sammitlarida ilgari surilgan tashabbuslarni hayotga tatbiq etish doirasida oʼtkazilmoqda.

Forumning asosiy maqsadi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yoʼnalishlarda hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish, ShHTga aʼzo davlatlar hududlari oʼrtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish ekani taʼkidlandi.

Ushbu keng koʼlamli tadbirda ShHTga aʼzo mamlakatlar davlat organlari, maʼmuriy - hududiy birliklar rahbarlari, shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillari qatnashadi. Forum doirasida turizm, madaniy-gumanitar hamkorlik va qishloq xoʼjaligi kabi yoʼnalishlarda panel munozaralari oʼtkazilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, tadbir doirasida davra suhbati tarzida Biznes-forum va ishbilarmon doiralar vakillarining B2B uchrashuvlari oʼtkaziladi.