Oʼzbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 22-mart kuni Bosh vazir oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi, Turkiyaning Аdolat va taraqqiyot partiyasi raisining oʼrinbosari Binali Yildirim bilan uchrashuv oʼtkazdi.

Uchrashuv chogʼida Oʼzbekiston va Turkiya oʼrtasidagi munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi koʼp tomonlama hamkorlikning muhim jihatlari muhokama qilindi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar oʼrtasida transport va logistika aloqalarini mustahkamlash chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratildi. Yangi, oʼzaro manfaatli logistika yoʼnalishlarini kashf etish, tranzit jarayonlarini soddalashtirish va Tashkilotga aʼzo mamlakatlar hududlari orqali yuk tashish hajmini oshirish borasida hamkorlikda ishlash zarurligi taʼkidlandi. Shu nuqtai nazardan, 2026-yilgacha boʼlgan davrda turkiy davlatlarning transport va infratuzilmaviy rivojlantirish kontseptsiyasini ishlab chiqishni jadallashtirish va 2022-2023-yillarda ushbu sohani rivojlantirish boʼyicha alohida “Yoʼl xaritasi”ni ishlab chiqish boʼyicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuvda ikki va koʼp tomonlama hamkorlikning yana bir qator masalalari muhokama qilindi. Jumladan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida faoliyat yuritadigan Turkiy investitsiya jamgʼarmasi va Taraqqiyot bankini ishga tushirishni jadallashtirish, savdo-sotiqni rivojlantirishga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot muassasalari negizida turkiy davlatlar oʼrtasidagi savdo munosabatlarini rivojlantirishga ixtisoslashgan muhandislik-texnologiya markazlarini yaratish boʼyicha hamkorlik qilish, shuningdek, Oliy oʼquv yurtlari oʼrtasida munosabatlarni yoʼlga qoʼyish chora-tadbirlari koʼrib chiqildi. Bundan tashqari, turkiy mamlakatlarning ishlab chiqaruvchilarini sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish hamda qoʼshma korxonalar, sanoat koʼrgazmalari, xalqaro va hududlararo biznes forumlarni tashkil etishga jalb qilish maqsadida joriy etilgan “sanoat haftaligi” kabi qator qoʼshma tadbirlarni oʼtkazish masalalari muhokama qilindi.