O‘FA: ayollar terma jamoasiga xorijlik mutaxassislar jalb etilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov hamda yaponiyalik futbol mutaxassisI Midori Honda o’rtasida uchrashuv bo’lib o’tdi.
Kuni kecha, yaponiyalik mutaxassislar Turizm va sport vazirligida bo‘lishdi. Mehmonlarga O‘FA raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov hamrohlik qilmoqda. Ularni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov qabul qildi.
Uchrashuv avvalida A.Abduxakimov Yaponiyaning ayollar futbolida erishayotgan yutuqlarini alohida e’tirof etdi. Shuningdek, ularga bugungi kunda yurtimizda ayollar sporti, xususan, futbolga berilayotgan e’tibor haqida ma’lumot berdi.
O‘z navbatida yaponiyalik mutaxassis Midori Honda mamlakatimizda ayollar futboliga berilayotgan e’tiborni yuqori baholab, O‘zbekiston ayollar futbolini yangi darajaga olib chiqishga tayyor ekanligini bildirdi.
Ma’lumot uchun: Midori Honda 17 yoshidan boshlab 10 yil Yaponiya terma jamoasi sharafini himoya qilgan. 1991-yilgi Jahon chempionati ishtirokchisi, Osiyo o‘yinlarining bronza medali sovrindori. Bosh murabbiy sifatidagi faoliyatini 2001-yilda “Okayama” klubida boshlagan. Keyinchalik, Yaponiya U-20 ayollar jamoasida murabbiy yordamchisi sifatida ishlab, Jahon chempionatida 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan. 2013-2019-yillar davomida “Nagano Parseyro”, 2020-2021-yillarda esa “Sidzuoka SSU Asredjina” klubini boshqargan.
Midori Xonda Yaponiyada JFAning “S” kategoriyadagi litsenziyani olgan ilk ayol murabbiy hisoblanadi.






