O‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy xotirasiga bag‘ishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

 
O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros Agentligi Abdulla Qodiriy memorial muzeyi hamda “Turon” axborot kutubxona markazi hamkorligida adib xotirasiga bag‘ishlab “Abdulla Qodiriy – O‘zbek adabiyoti xazinasidan” mavzusida 4 -14 – oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
 
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi.
 
“Davlatimiz rahbari boshchiligida yurtimizda madaniy-maʼnaviy merosni asrashga hamda uni o‘zimizdan keyingi avlodga munosib yetkazib berishga katta eʼtibor qaratilmoqda, jumladan muzeylarimizga bo‘lgan yondashuv tubdan o‘zgarmoqda. Jadidchilik harakatining yorqin namoyandasi bo‘lgan A.Qodiriy o‘zbek adabiyotining javohiri hisoblangan asarlar muallifidir. Uning “O‘tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” kabi romanlarini o‘qimagan inson bo‘lmasa kerak. Shu bilan birga, u “Mushtum” jurnali tashkilotchilaridan va tahrir hayʼati aʼzosi bo‘lgan. Uning asarlari asosida filmlar ishlangan va ular allaqachon tomoshabinlar qalbidan joy olib ulgurgan. O‘z o‘rnida shuni taʼkidlamoqchimanki, bundan keyin barcha adiblarimizning muzeylari va hatto uy-muzeylarga bo‘lgan eʼtibor yana-da kuchaytiriladi. Men O‘zbekiston Hukumati vakili, Bosh vazir o‘rinbosari hamda Turizm va sport vaziri sifatida bebaho merosimizni asrash va bu yo‘lda harakat qilayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga doim tayyorman!” – deya taʼkidladi o‘z nutqida Aziz Abduhakimov.
 
Shuningdek, tadbir davomida Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari ishtirokida Abdulla Qodiriy portretini chizish bo‘yicha tanlov eʼlon qilindi, g‘olibga ikki million so‘m pul mukofoti taqdim etiladi.