O‘zbek taekvondochisi Rimda bo‘lib o‘tgan Gran-pri sovrindorlari qatorida!

O‘zbekiston terma jamoasi Italiya poytaxtida yakunlangan taekvondo bo‘yicha Gran-pri turkumiga kiruvchi joriy mavsumdagi ilk turnirda ishtirok etdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasiga tayanib xabar berilmoqda.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi vakili Shuhrat Salaev sovrindorlar safidan joy oldi. 80 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida u dastlab iordaniyalik Fahed Sbeyxini, ikkinchi bosqichda Tokio-2020 medali sovrindori Toni Kanaetani, chorak finalda esa ispaniyalik Daniel Barrerani mag‘lub etdi.

Final yo‘lida Shuhrat Salaevga yana bir Tokio-2020 medali sovrindori misrlik Seyf Eyssa raqiblik qildi. Garchi birinchi davra sportchimiz foydasiga hal bo‘lgan bo‘lsa-da, keyingi turlarda tajribali raqib vaziyatni o’z qo’liga olib g’olib chiqdi.

Shu tariqa Shuhrat Salaev bronza medaliga sazovor bo'ldi. Ushbu yutuq sportchining bu darajadagi musobaqalarda qo'lga kiritgan ilk mukofotidir.