O‘zbek-Venger biznes-forumi: iqtisodiy sheriklikni izchil kengaytirish tashabbuslari

3-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga tashrifi arafasida Budapesht shahrida o‘zbek-venger biznes-forumi o’tkazilib, unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev hamda Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto ishtirok etdi.

Tadbirni ochib berar ekan, Peter Siyyarto ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishdagi ijobiy dinamikani va Vengriya hukumati ikki mamlakat uchun ustuvor yo‘nalishlarda iqtisodiy sheriklikni izchil kengaytirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlayotganini qayd etdi hamda Vengriya biznes vakillarini o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlashga chaqirdi.

O‘zbekiston tomoni mamlakatimizda biznes yuritish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan, vizasiz rejim, valyuta siyosatini liberallashtirish, tadbirkorlik faoliyatini yanada rag‘batlantirish, investorlar huquqlarini himoya qilishni va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan yangi Taraqqiyot strategiyasi qabul qilinganini alohida ta’kidladi.

Forum davomida venger kompaniyalariga investitsiyaviy imkoniyatlar, jumladan, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, elektronika va elektrotexnika, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, kimyo va qurilish sanoati sohalari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Biznes-forum doirasida O‘zbekiston va Vengriyaning vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, banklari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari o‘rtasida “G2B” va “B2B” formatidagi uchrashuvlar ham tashkil etilib, ular davomida ishtirokchilar qo'shma korxonalar yaratish va o'zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish borasidagi masalalarni shlab chiqishga muvaffaq bo‘ldilar.

Forum yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochib beruvchi qator ikki tomonlama hujjatlar, investisiya bitimlari va eksport shartnomalari imzolandi.