O‘zbekiston banklarining sof daromadi 8 trillon so‘mdan oshdi

Markaziy bank O‘zbekiston banklarining joriy yilning o‘n oyidagi daromadlik ko‘rsatkichlariga oid ma’lumotlarni taqdim etdi. Oktabr oyida banklarning foizli daromadlari 52,5 trln so‘mni tashkil etib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 1,4 baravar o‘sgan.
Shuningdek, banklarning foizsiz daromadlari o‘tgan yilning o‘n oyiga nisbatan 1,9 baravar o‘sib, 27,3 trln so‘mga yetgan.
Bu davrda foizli marja ko‘rsatkichida ham sezilarli o‘sish kuzatildi — joriy yilning to‘qqiz oyiga nisbatan 12,4% o‘sish bilan qariyb 20 trln so‘mga yaqinlashgan.
Mazkur davrda, banklar foyda solig‘ini to‘lashga 2,4 trln so‘m ajratgan hamda sof foyda o‘tgan oyga nisbatan 1,1 baravar o‘sib, 8,1 trln so‘mni tashkil etgan.







