O‘zbekiston delegatsiyasi bilan UNESCO Bosh direktori o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi

UNESCO Bosh konferensiyasining 41-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov UNESCO Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashdi.

Azule O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevga ikkinchi muddatga qayta saylangani munosabati bilan samimiy tabrik va ezgu istaklarini yo‘lladi. U O‘zbekiston tomoniga uning nomzodini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. Bosh direktor so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan munosabatlarda yangi sahifa ochilganini yuqori baholadi va UNESCO o‘z vakolatlari doirasidagi barcha sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish tarafdori ekanligini yana bir bor taʼkidladi.

“Odamlar mamlakatning ming yillik tarixi va madaniyati chuqurligini yaxshi biladi. O‘zbekistonga tashrifim chog‘ida geosiyosatning hozirgi evolyutsiyasi jarayonida mintaqa yana dunyo va jahon siyosatining markaziga aylanishi mumkinligiga amin bo‘ldim”, — dedi Odri Azule.

O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrashuvda UNESCO Bosh direktorining ijtimoiy va gumanitar fanlar bo‘yicha o‘rinbosari Gabriyela Ramos O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro forumida ishtirok etish maqsadida joriy yil sentyabr oyida respublikamizga amalga oshirgan tashrifini yuqori saviyada tashkil qilingani uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirdi. Ramos O‘zbekiston tomonidan Bosh konferensiyaning joriy sessiyasi muhokamasiga “Xiva jarayoni” rezolyutsiyasi kiritilishini olqishladi. U tashkilot mazkur platformani ilgari surish bo‘yicha barcha saʼy-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga qatʼiy qaror qilgani haqida maʼlum qildi.