O‘zbekiston delegatsiyasi chorva mollari uchun yem ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Yevropa Ittifoqidagi eng yirik korxonada bo‘ldi

Delegatsiyaning keyingi manzili, chorva mollari uchun yem ishlab chiqaruvchi "Cobadu" korxonasi bo‘ldi. Yevropa Ittifoqidagi eng yirik yem ishlab chiqaruvchi hisoblangan korxona 1982 yilda tashkil etilgan.

Ispaniya Qirolligining, Zamora shahrida joylashgan "Cobadu" korxonasi 50 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, uning ishlab chiqarish quvvati soatiga 2,000 tonnani tashkil etadi.

Korxonaning qulay geografik hududda joylashganligi, qolaversa, Portugaliya chegarasiga yaqinligi logistika uchun katta imkoniyatlarni yaratadi. Korporativ korxonaning bugungi kundagi a’zolari soni 10,000 dan oshgan. A’zolar soni yiliga 500 taga ko‘payadi. Chorva mollari uchun yem ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy korxona to‘liq avtomatlashtirilgan va unda ishlovchi doimiy ishchilar soni 250 tani tashkil etadi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari ishlab chiqarish jarayonining barcha bosqichlari bilan birma-bir tanishdilar.

Mazkur korxona tajribasini o‘rganishdan asosiy maqsad, kelajakda chorva mollarini to‘yimli ozuqa bilan ta’minlash tizimini sanoat asosida rivojlantirishdan iborat.