O‘zbekiston Glazgoda BMTning iqlim bo‘yicha sammitida milliy bayonot bilan chiqdi

9 noyabr kuni BMT doiraviy konvensiyasiga aʼzo mamlakatlarning XXVI sessiyasidagi ishtiroki doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov yurtimiz nomidan milliy bayonotni o‘qib eshittirdi.
Bosh vazir o‘rinbosari o‘z nutqida iqlimning o‘zgarishi zamonamizning turmush sifatiga bevosita taʼsir qiluvchi eng asosiy chaqiriqlaridan biri ekanini taʼkidladi.
O‘zbekistonda “yashil” kun tartibidagi masalalarni ilgari surish, ekologiya va bioxilma-xillikni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga juda jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida taʼkidlaganidek, bu bizning hozirgi va kelgusi avlod oldidagi insoniy burchimizdir", - dedi A. Abduhakimov.
Xalqaro ekologik siyosatning ustuvorliklarini muhokama qilish maqsadida 2023-yilda O‘zbekistonda Atrof-muhit bo‘yicha BMTning yuqori darajadagi 6- assambleyasini o‘tkazish taklif etildi.
O‘zbekiston Glazgo sammitida qabul qilingan O‘rmonlar hamda yer maydonlaridan foydalanish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyasini qo‘llab-quvvatlashini ma‘lum qildi.
Tadbir yakunida O‘zbekistonning "yashil" kun tartibiga oid dolzarb masalalarni targ‘ib etish hamda iqlim o‘zgarishi jarayonlariga yo‘l qo‘ymaslik, xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda er kurrasi kelajagi yo‘lida barcha zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha olib borilayotgan ko‘p tomonlama sa‘y-harakatlarda faol ishtirok etishga tayyorligi ta‘kidlandi.






