O‘zbekiston Hindistonda bo‘lib o‘tayotgan Surajkund Mela xalqaro hunarmandchilik festivalida ishtirok etmoqda

2022-yilning 19-martidan 4-apreliga qadar Hindistonning Xaryana shtatida har yili oʻtkaziladigan 34-xalqaro “Surajkund Mela” anʼanaviy hunarmandchilik festivali boʻlib oʻtmoqda, unda Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi vakillari mamlakatimizning turizm salohiyati taqdimoti bilan ishtirok etmoqda.

Festivalda har yili Hindistonning barcha hududlari va dunyoning 50 dan ortiq davlatlaridan hunarmandlar, shuningdek, 1,5 milliondan ortiq sayyohlar va mahalliy aholi ishtirok etadi. "Surajkund Mela" dunyodagi eng yirik hunarmandchilik festivallaridan biri bo’lib, ushbu festival mamlakatimizning milliy hunarmandchiligi, milliy taomlari, shuningdek, xalq amaliy sanʼati namunalarini namoyish etish imkonini beradi.

Unda O‘zbekiston Respublikasining turli hududlaridan kelgan milliy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi hunarmandlar, xalq artistlari, raqqosalar o‘z mahoratlarini namoyish etib, mahalliy aholi va sayyohlarning e’tiborini tortdi.

Shuningdek, pavilon hududida Turizm va madaniy meros vazirligi hamda O‘zbekiston-Hindiston turizm assotsiatsiyasi mutasaddilari ishtirokida O‘zbekiston sayyohlik burchagi ham tashkil etildi. Festival doirasida vazirlik tomonidan Hindistonning turizm sohasi tadbirkorlari va investorlari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.