O‘zbekiston ilk bor Yuneskoning nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasiga a’zo bo‘ldi

O'zbekiston YUNYESKO Bosh qarorgohida (Parijda) bo'lib o'tayotgan “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi konvensiyaga a’zo boʻlgan davlatlar Bosh assambleyasining 9-sessiyasida Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha hukumatlararo qoʻmitaga a'zolikka saylandi.

Davlatimiz rahbari tomonidan O'zbekistonda nomoddiy madaniy merosni qadrlash borasida olib borilayotgan islohotlar xalqaro maydonda o'z samarasini berdi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari - Turizm va madaniy meros vaziri, YUNYESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiya raisi Aziz Abduhakimov boshchiligida Oʻzbekiston Respublikasining YUNYESKOdagi doimiy vakolatxonasini sa'y-harakati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha hukumatlararo qoʻmitaga 4 yilga (2022-2026) a'zo bo'ldi.

Ta'kidlash kerakki, YUNESKOning ikkinchi mintaqaviy saylov guruhida (Sharqiy Yevropa va MDHning ayrim davlatlari) ikkita bo‘sh o‘rin uchun beshta nomzod – O‘zbekiston, Bolgariya, Bosniya va Gersegovina, Slovakiya hamda Estoniya o‘zaro kurash olib bordi.

O‘zbekiston uchun eng ko‘p davlat ovoz bergan – 105. Boshqa raqobatchi davlatlar quyidagicha ovoz olgan: Slovakiya (94 – ikkinchi bo‘sh o‘ringa saylangan), Estoniya (69), Bolgariya (26), Bosniya va Gersegovina (9).

Oʻzbekiston tomoni oʻz nutqida Oʻzbekiston uchun ovoz bergan davlatlarga oʻz minnatdorligini bildirdi va 2003-yilgi Konvensiyani mamlakat, mintaqaviy va global miqyosda ilgari surishda katta hissa qoʻshishga tayyor ekanliklarini taʼkidladi.