O‘zbekiston Prezidenti BAA bilan keng ko‘lamli sheriklikni rivojlantirishning yangi yo‘nalishlarini taklif etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklarining Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Iqtisodiy hamkorlikni muvofiqlashtirish va ilgari surish bo‘yicha ta’sirchan tizim asosida Amirliklarning yetakchi kompaniya va tashkilotlari ishtirokida investitsiyalar hajmi qariyb 3 milliard dollar bo‘lgan 17 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.

“Mubadala” kompaniyasi bilan hamkorlikda Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi quvvatlarini kengaytirish, “Masdar” kompaniyasi bilan esa yurtimiz hududlarida shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Yetakchi “DP World” kompaniyasi bilan “Navoiy” multimodal xabi va iqtisodiy zonasini rivojlantirish, shuningdek, bojxona ma’muriyatchiligi tizimini modernizatsiya qilish masalalari ishlab chiqilmoqda.

Muzokaralar chog‘ida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish borasidagi, “Bir million dasturchi” dasturi va Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar akseleratori faoliyati doirasidagi hamkorlikning amaliy natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Innovatsiyalar va sun’iy intellekt sohalarida hamkorlik qilish, muhim tarmoqlarni isloh qilish, davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish va zamonaviy kadrlarni tayyorlash yuzasidan muloqotni kengaytirish uzoq muddatli sheriklikning yangi yo‘nalishlari sifatida belgilandi.